
Siz juda uzoq vaqtdan beri junior yoki middle darajadagi dasturchisiz. O’zingizni ko’proq narsaga loyiqdek his qila boshlagansiz va hayotingizni butunlay qo’lga olib, karyera zinalaridan yuqoriga intilmoqdasiz. Xo’sh, tabriklayman! Omadingizga, bu blog postda men qanday qilib Senior Dasturchi bo’lishning sirli ingredientini oshkor qilaman. Bu noyob va har kim ham bilmaydigan ingredient bo’lib, karyerangizni qisqa vaqt ichida rivojlantirishingizga yordam beradi. Lekin ogohlantirib qo’yay. Buni uddalash oson emas. Tayyormisiz? Qani ketdik.
Tavsiya qilamiz: Dasturchi sifatida yaxshi resume tayyorlash
Sirli Ingredient
Birinchidan, siz quyidagi to’rt narsani topishingiz kerak:
- Vakanda saltanatidan «Vibranium» metali
- Oy tutilishi paytida sindirilgan Tis o’simligining bir nechta novdalari
- Qiziqchi Stiv Xarvining mo’ylov tolasi
Bu ingredientlarni bir birga aralashtiring va kelayotgan har uch oyning har uchinchi Yakshanbasida iching. Birinchi qultumdan so’ng, siz dasturlash qobiliyatlaringiz yaxshilana boshlaganini his qila boshlaysiz. So’ngra darhol «NP-complete» muammolarini yechish uchun algoritmlar hayolingizda paydo bo’la boshlaydi. Va kim biladi, balki Nobel mukofotini ham yaqin vaqt ichida qo’lga kiritarsiz.
Tushunmadim?
Bu albatta xazil edi. Agar lekin Vibranium metallini topgan bo’lsangiz, menga habar bering. Sotib olaman. Jiddiy gapiryapman.
Biroz jiddiylashib, maqsadga o’tamiz
Maslahatlarni berishdan oldin, quyidagilarni tushunishingizni so’rayman :
- «Senior» so’zi siz juda ham super malakali yoki «aqltosh» siz degani emas. Va bu siz guruhdagi eng muhim odamsiz degani ham emas. Bu faqatgina sizning yelkangizda ozgina ko’proq mas’uliyat borligini bildiradi. Siz va jamoadagilar bajarayotgan vazifalar haqida savollar va mulohazalar bo’lsa, rahbariyat sizga murojat qilishini bildiradi.
- Agar xozirgi kompaniyangizda «Senior» dasturchi bo’lsangiz, boshqa kompaniyaga o’tib u yerda ham albatta «Senior» dasturchi bo’lasiz degani emas. Sizga buni aytgim kelmayabdi, lekin kompaniya sizga ko’proq vazifa berishidan oldin siz hatto «junior» dasturchi bo’lib ham ishlashingiz mumkin.
- Quyidagilar faqat mening tajribamdan o’tgan. Va ularning ba’zilari sizga tog’ri kelmasligi mumkin. Lekin foydasi tegishiga ishonib qolaman.
«Bo’ldi endiyeeee , menga qanday qilib Katta Dasturchi bo’lishni ayta qoling! » deyotganingizni eshitib turibman. Qani ketdik:
- Mas’uliyatni o’z zimmangizga oling va vazifalaringizni bajaring. Bu sizga beradigan eng muhim maslahatim. Boshqa fikrlar ham shu maslahatimdan kelib chiqadi. Agar bu blog postimdan faqat bir narsani o’rgansangiz, o’sha yagona narsa shudir. Ko’proq mas’uliyatni yelkangizga yuklashga intiling. Rahbariyatingiz yoki hamkasblaringiz bilan uchrashuvlarda yoki suhbatlashayotganingizda «Kim X-ni yoki Y-ni qiladi?» degan savollar ko’p bo’ladi. O’sha vaqtda o’z hohishingiz bilan, ko’ngilli bo’lib X va Y larni bajaring. Eng muhimi, so’zingizni ustidan chiqib, vazifangizni o’z vaqtida bajaring.
- Keragidan ortig’ini bajaring. Bu endi aniq bo’lsa kerak. Sizga vazifa berildi deylik. Uni yaxshi va o’z vaqtida bajardingiz. Juda yaxshi. Ammo bu sizni boshqalardan ajratib turmaydi. Boshqalar ham o’z topshiriqlarini vaqtida bajarishmoqda. Shuning uchun qo’shimcha ish va topshiriqlarni qilishga harakat qiling. Masalan, sizga Deployment Pipeline jarayoninini avtomatlashtirish vazifasi berildi. Shart bo’lmasa ham shunday qilingki, bu jarayon paytida uzulishlar ya’ni to’xtashlar umumam bo’lmasin. Bu qanday zo’r ish bo’lar ediya ? Albatta a’lo. Ammo, birinchi bo’lib talab qilingan topshiriqlarni bajarganing va shundan keyingina qo’shimcha ishlarni bajarishga kirishing. Hamkasblaringiz men bilan bog’lanib, siz hamma narsani mukammal bajarishga harakat qilayotganingizni va shu bilan asosiy vazifalarni bajarishga kechikayotganingizni aytishini xoxlamayman.
- Muammolarni yechishga harakat qiling. Hamkasblar bilan gaplashayotganingizda ular «Server loglarini ko’rib chiqish qiyin, chunki ularning barchasi turli joylarda sochilib yotibdi va ular jozibasiz ko’rinishda» yoki «Xozir Microservice-larimizni ishga tushurish qiyin» degan gaplarini eshitishingiz mumkin. Bizning kompaniyamizda aynan shunday bo’ldi. Meni nima qildi deb o’ylaysiz ? Birinchi muammoni Graylog bilan hal qildim va ikkinchi muammoni Microservice-larimizni Kubernetes tizimiga ko’chirib hal qildim. Albatta bunga oylar ketdi, lekin bu shunga arziydigan ish edi.
- To’xtamasdan izlaning. Ha, bu kunlik hayotimizdagi aniq yaqqol vazifa. Ba’zi joy va ishlarda o’zingiz birinchi bo’lib qadam tashlang.
- O’zingizni ko’rsating. Bu ham juda muhim. Agar yuqori darajada ishlasangiz va bu haqida hamkasblaringiz bilishmasa, bu siz uchun yaxshi emas. Agar qandaydir ajoyib ishni qilgan bo’lsangiz buni hamkasblaringizga yo’llang yoki email orqali hat bilan bildirib qo’ying. Undanda yaxshisi, butun dunyoga jar solib, qilgan ishingiz haqida blogingizda yozing yoki konferensiya va uchrashuvlarda so’zga chiqib u haqida so’zlab bering.
- Muloyim bo’ling. Shunday bo’lingki, hamkasblar siz bilan choyxonaga birga borishni xoxlashsin. Agar hamkasblar sizni hush ko’rishmasa, siz haqiqiy «Senior» dasturchi emassiz.
- Mentorlik qilishga harakat qiling. Siz men yuqorida aytib o’tganlarning hammasini bajardingiz. Ajoyib! Ammo bunisi sizning «Senior» dasturchi bo’lganingizni rasmiylashtiradi. «Junior» dasturchini shogird qilib oling. Unga hamma bilganlaringnizni o’rgating, ishoning buning foydasi katta.
- Ishda asablaringizni yondirib qo’ymang. Agar sizning jismoniy yoki ruhiy sog’lig’ingiz zarar ko’rsa, bularning hech birining ahamiyati yo’q. O’zingizni ehtiyot qiling. Sport bilan shug’ullaning, meditatsiya qiling va ko’ngil tinchligi uchun yaqinlaringiz bilan ko’proq vaqt o’tqazing.
Xulosa
Bu maslahatlar menga juda qo’l kelgan. Sizga ham yordam beradi degan umiddaman. Endi bularni qanday qilib ish joyingizda amalda ishlatingiz mumkinligi haqida o’ylab ko’ring.
P.S. Menimcha bu yo’llarni faqat dasturlash yo’nalishida emas, balki har qanday sohada ham qo’llash mumkin.
Muallif: Jahongir Rahmonov
Tavsiya qilamiz: Dasturchi bo’lmang!
Sharhlash uchun siz saytga kirishingiz lozim.
Nega dasturchi bo’lmaslik kerak
Zo’r
foydali maslaxt ekan. Jazakalohu Hoyron
Masha Alloh juda yaxshi tafsiyalar beribsiz Barakallohu fiykum
Ajoyib maslahatlar, uzim ham IT firmada strong junior bulib ishliman. Haqiqatda ajoyib va juda kerakli maslahatlar bo’libdi, katta rahmat
Assalomu alaykum. Shogird olmaysizmi? Sizni Senior bo’lishizga yordam bersam…siz mani junior bo’lishimga yordam bersangiz))). jiddiy so’rayapman lekin.
chatgpt junyor dasturchilani ishini olib qo’ydimi ?